Mobil aloqa abonentlariga o‘z mobil raqamlarini saqlagan holda o‘zlari xohlagan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi
30 октябр, 2023
2499
27-oktabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi.
Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.
Uning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.
Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo‘qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.
Mobil aloqa abonentlariga o‘z mobil raqamlarini saqlagan holda o‘zlari xohlagan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining taqdim etilayotgani xizmatning eng qulay tomonidir.
Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.